Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, "Sen yol‘giz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan tadbirga mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari taklif etildi. O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari A.Xolbekov, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari F.Ziyoyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlar kamoloti yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yuksak ma’naviyatli, ijodiy-intellektual salohiyatli, mustaqil fikrli avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jahon andozalari talablariga mos ta’lim maskanlari barpo etish, ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash, ta’lim sifati va mazmunini tubdan takomillashtirishga xizmat qilmoqda. Toshkent shahar hokimligi "Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi bilan hamkorlikda murakkab taqdirli bolalarning jamiyatga moslashuviga yaqindan ko‘maklashish, ularni sog‘lomlashtirish, huquq va manfaatlarini himoyalash masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda turli ijtimoiy loyihalar, sport musobaqalari tashkil etilmoqda, yurtimizning tarixiy shaharlari va so‘lim tabiat go‘shalariga sayohatlar uyushtirilmoqda. Xushmanzara bog‘da o‘tkazilgan mazkur tadbir doirasida turli ko‘rik-tanlovlar, rasmlar ko‘rgazmasi, san’at festivali, teatrlashtirilgan tomoshalar, konsertlar uyushtirildi. Tadbirda faol ishtirok etgan bolalarga bayram sovg‘alari topshirildi.
|