Imom Buxoriy va Imom Muslimlarning shayxi Ubaydulloh ibn Umar Qovariydan rivoyat qilinadi: «Men hamisha xufton namozini jamoat bilan o‘qir edim. Bir kecha uyimga mehmon keldi. U bilan ovora bo‘lib, jamoat namozini o‘tkazib yubordim. Basra masjidlarini aylanib chiqdim. Barcha kishilar xuftonni o‘qib bo‘lgan, masjidlar yopilgan edi. Uyimga qaytdim va o‘zimga o‘zim jamoat namozining darajasi yolg‘iz bo‘lib o‘qilgan namozdan 27 barobar ziyoda bo‘ladi, dedim-da, xuftonni yigirma yetti marta o‘qidim. So‘ng uxladim. Tush ko‘ribman, go‘yo otliqlar bilan birga ekanman. Mening ham otim bo‘lib, biz kimo‘zar o‘ynayotgan ekanmiz. Men otimni choptirar, biroq ularga yeta olmas edim. Shunda ulardan biri menga burilib qarab: «Otingni qiynama, baribir bizlarga yeta olmaysan», dedi. «Nima uchun?» deb so‘rasam: «Chunki biz xuftonni jamoat bilan o‘qidik, sen esa yolg‘iz o‘zing o‘qiding», deb javob berdi. Men uyg‘onib ketdim va ko‘rgan tushimdan g‘amgin bo‘lib qoldim».