![](http://s019.radikal.ru/i635/1203/c1/7b826c42503a.jpg) O‘zA, Sayyora Shoyeva, 27.03.2012 12:52 O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "Fayz” xolding kompaniyasi tomonidan mebel ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. "Fayz” xolding kompaniyasi raisi M.Azimova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda soha rivoji uchun yaratilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari mebel sanoatining barqaror rivojlanishiga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Xususan, kompaniya tizimida keyingi 6 yilda 10 milliard so‘m iqtisod qilinib, bu mablag‘ korxonani modernizatsiyalash va qayta jihozlashga yo‘naltirildi. Natijada mahsulotlar hajmi va sifati oshmoqda. Hozir korxonada mahalliy xomashyo asosida 20 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 450 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. 2007 yilda mahalliylashtirish dasturi asosida 2,4 milliard so‘mlik shartnoma imzolangan bo‘lsa, 2011 yili bu ko‘rsatkich 11,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Joriy yilda mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirilayotgan 28 loyiha doirasida qariyb 32 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. Shuningdek, mebel sanoatida muhim bo‘lgan qipiqli va tolali plitalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda. Bug‘doy, sholi va g‘o‘za poyalaridan foydalanib tayyorlanadigan bunday mebellar yanada arzon bo‘ladi. Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
|